Empatiya charchog‘ining oldini olaylik

Yarim tun. Shifoxona yo‘laklarida sukunat hukmron. Faqat navbatchi hamshiraning qadam tovushlari eshitiladi. U har bir palata eshigini ehtiyotkorlik bilan ochib, bemorlarning holidan xabar oladi. Kimningdir isitmasi bor, kimdir uxlolmayapti, yana kimdir og‘riq bilan kurashmoqda. Hamshira ularning har biriga birdek e’tibor va mehr bilan yondashadi.
Ha, kasallik inson tanasinigina emas, uning ruhiyatini ham toliqtiradi. Bunday paytda dori-darmon bilan birga iliq so‘z va samimiy munosabat ham shifoga aylanadi. Shu bois hamshiralikni oddiy kasb deb bo‘lmaydi. Hamshira bir kunda o‘nlab, ba’zan yuzlab bemorlar bilan muloqot qiladi. Ularning dardini eshitadi, savollariga javob beradi, muolajalarini o‘z vaqtida amalga oshiradi. Shifokor davolash taktikasini belgilasa, hamshira davolash jarayonida bemorning eng yaqin hamrohiga aylanadi.
Ammo boshqalarga dalda beradigan insonning o‘zi ham mehrga muhtoj bo‘lishi mumkin. Tungi navbatchiliklar, shoshilinch vaziyatlar, og‘ir ahvoldagi xastalar, bemorlar va ularning yaqinlari iztirobini qabul qilish — bularning barchasi hamshiraning nafaqat jismoniy, balki ruhiy kuchini ham sinaydi. Har kuni boshqalarning dardini yurakdan o‘tkazish, ularning qo‘rquvi va tashvishini o‘z qalbidan his qilish vaqt o‘tishi bilan empatiya charchog‘iga olib kelishi mumkin.
Empatiya — boshqa insonning his-tuyg‘ularini tushunish, uning holatiga hamdard bo‘lish va ruhiy kechinmalarini his eta olish qobiliyati. Tibbiyot xodimi uchun bu juda muhim fazilat. Chunki bemorga faqat tibbiy muolaja emas, uni tushunadigan, qo‘llab-quvvatlaydigan inson ham kerak. Biroq empatiyaning o‘zi ham chegara va me’yorni talab qiladi. Bemorning dardini tushunish uni o‘z qalbiga to‘liq yuklab olish degani emas.
Empatiya charchog‘i insonni sekin-asta toliqtiradi. Avvaliga oddiy charchoqdek tuyulgan holat keyinchalik ruhiy tushkunlik, ishga qiziqishning pasayishi, odamlar bilan muloqotdan qochish, sabrsizlik, befarqlik yoki o‘zini doimiy ravishda ruhan bosim ostida his qilish kabi belgilarida namoyon bo‘lishi mumkin. Ammo, bunday holatni kasbga sadoqatsizlik yoki mehrning yo‘qolishi deb qabul qilmaslik kerak. Aksincha, bu insonning uzoq vaqt davomida juda katta ruhiy yuk bilan ishlaganidan darak berishi mumkin.
Shuning uchun ham hamshiraga «Bemorni o‘ylang», degan talab bilan birga «O‘zingizni ham asrang», degan munosabat zarur. Hamshira bemorga «O‘zingizni ehtiyot qiling», deydi. Ammo bu so‘zni uning o‘ziga ham tez-tez aytib turish kerak. Yetarlicha dam olish, sifatli uyqu, to‘g‘ri ovqatlanish, ishdan tashqari vaqtda ruhiy tiklanishga imkon berish, ish va shaxsiy hayot o‘rtasida sog‘lom chegarani saqlash — empatiya charchog‘ining oldini olishda muhim omillardir. Ishdagi og‘ir kechinmalarni hamkasblar bilan ochiq muhokama qilish, ishonchli inson bilan suhbatlashish, zarur hollarda psixologik yordamga murojaat qilish ham kuchsizlik emas. Aksincha, bu insonning o‘z kasbiga, sog‘lig‘iga va atrofidagi insonlarga mas’uliyat bilan munosabatda ekanini ko‘rsatadi.
Biroq masala faqat hamshiraning shaxsiy harakati bilan cheklanib qolmasligi kerak. Empatiya charchog‘ining oldini olish — tibbiyot muassasasining ham muhim vazifasidir. Chunki bemorga g‘amxo‘rlik qilayotgan xodimning o‘zi qo‘llab-quvvatlanmasa, uning ruhiy va jismoniy zaxiralari ham tugaydi.
Shu bois tibbiyot muassasalarida hamshiralarning ruhiy holatiga e’tiborni kuchaytirish, ularni muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlash, jamoada sog‘lom psixologik muhit yaratish, xodimlarning fikri va ehtiyojini eshitish, ortiqcha ruhiy bosimni kamaytirish, dam olish va tiklanish uchun munosib sharoit yaratish muhim. Ayniqsa, og‘ir bemorlar bilan doimiy ishlaydigan, reanimatsiya, onkologiya, shoshilinch tibbiy yordam, palliativ yordam kabi ruhiy jihatdan murakkab yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan hamshiralar uchun psixologik ko‘mak mexanizmlarini kuchaytirish muhim. Jamoaviy suhbatlar, psixologik maslahatlar, stressni boshqarish bo‘yicha treninglar, kasbiy qo‘llab-quvvatlash guruhlari hamshiralarning ruhiy barqarorligini mustahkamlashga yordam beradi.
Chunki tibbiyotda «kuchli bo‘lish» har doim ham his-tuyg‘ularni yashirish degani emas. Ba’zan kuchlilik charchaganini tan olish, yordam so‘rash, biroz to‘xtab nafas rostlash va yana o‘z kasbiga yangi kuch bilan qaytishdir.
Markazimizda hamshiralar bilim va malakasini oshirish barobarida ularga ruhiy-ma’naviy dalda bo‘lishga ham harakat qilamiz. Tibbiyot muassasalarida kasb etikasi, deontologiyasiga doir davra suhbatlari o‘tkazganimizda, empatiya charchog‘ining oldini olish haqida ham albatta tavsiyalar beramiz. Shu o‘rinda kasaba uyushmalari tomonidan hamshiralar mehnati alohida qadrlanayotgani, ular uchun o‘tkazilayotgan tanlovlar, uyushtirilayotgan sayohatlar, sport musobaqalari, o‘rta tibbiyot xodimlari o‘z vazifalarini ishtiyoq va mas’uliyat bilan bajarishlarida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlashni istardim. Zero, hamshiraga g‘amxo‘rlik — bemorga g‘amxo‘rlikdir. Hamshiraning ruhiy salomatligini asrash esa tibbiy yordam sifatini asrash demakdir. Shuning uchun empatiya charchog‘ini o‘z vaqtida anglash, uning oldini olish va hamshiralarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash — sog‘lom tibbiy muhit va insonparvar sog‘liqni saqlash tizimining muhim shartidir.
Yulduz SAPAYEVA,
O‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish markazi Urganch filiali o‘qituvchisi


Top