Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda jismoniy faollikning ahamiyati

Muhim qaror
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 20 yanvardagi “O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori aholi salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan xalqaro dasturlar (“Stent for Life” va “Action Plan for Stroke”) asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi (Milliy dastur) hududlarda bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.
Milliy dastur doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi, jumladan:
• birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 30 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida yiliga 1 marta maqsadli tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi;
• tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazlarida tunu kun faoliyat yurituvchi infarkt va insult brigadalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
• xalqaro standartlar asosida bemorlarning klinik marshrutlari (clinical pathways) ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi;
• tez tibbiy yordam brigadalari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega telemetrik elektrokardiograf hamda monitorli defibrillyatorlar bilan ta’minlanadi.
Qarorga ko‘ra, Milliy dastur doirasida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmatlar xalqaro standartlarga muvofiq vaqt me’yorlariga qat’iy rioya etgan holda ko‘rsatilishi ta’minlanadi. Bunda:
• o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarga “oltin soat” tamoyili asosida shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish tashkil qilinadi;
• tez tibbiy yordam xizmati tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar algoritmi va bemorning ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasagacha bo‘lgan klinik marshruti vaqt me’yorlari asosida tashkil qilinadi;
• birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hamda statsionar tibbiyot muassasalari tomonidan aholini maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish va bemorlarning klinik marshrutlarini tashkil qilishda vaqt me’yorlari inobatga olinadi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda “Hozirroq harakatlan – hayotni saqlab qol!” mavzusida ijtimoiy roliklar namoyish qilinadi.
Har yili 29 sentabr – Butunjahon yurak kuni hamda 29 oktabr – Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni munosabati bilan qon bosimi, qand va xolesterin miqdorini o‘lchash, infarkt va insultda tez yordam ko‘rsatish bo‘yicha aholining savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.
2026 yil 1 martdan respublika tibbiyot markazlari mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlardan iborat tarkibda o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmat ko‘rsatishni muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Jismoniy faollik yurak uchun nima beradi?
Yurak-qon tomir kasalliklari bugungi kunda dunyoda va yurtimizda aholi o‘limiga olib keluvchi asosiy sabablarning biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ham o‘lim holatlarining katta qismi aynan qon aylanish tizimi kasalliklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois bu xastaliklarni davolashdan ko‘ra, ularning oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi. Profilaktikaning eng samarali va arzon usullaridan biri — muntazam jismoniy faollikdir.
Muntazam harakat qilish yurak mushaklarini mustahkamlaydi, qon aylanishini yaxshilaydi va organizmga kislorod yetkazib berishni oshiradi. Jismoniy mashqlar natijasida:
• qon bosimi pasayadi
• “yomon” xolesterin kamayadi
• qandli diabet rivojlanish xavfi pasayadi
• ortiqcha vazn kamayadi
• stress va asabiylik kamayadi
Bu omillar esa yurak infarkti va insult kabi og‘ir asoratlar xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.
Qancha harakat qilish kerak?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kattalarga haftasiga kamida:
• 150 daqiqa o‘rtacha tezlikda, yoki
• 75 daqiqa yuqori intensivlikda jismoniy faollikni tavsiya qiladi.
Bu har kuni taxminan 30 daqiqa tez yurish, velosiped haydash yoki yengil sport mashqlari bilan shug‘ullanish deganidir.
Eng foydali jismoniy mashq turlari
Yurak-qon tomir salomatligi uchun quyidagi faoliyat turlari eng maqbul hisoblanadi:
• tez yurish
• suzish
• velosiped haydash
• yengil yugurish
• gimnastika mashqlari
Aerobik mashqlar yurak va o‘pka faoliyatini yaxshilab, qon tomirlar elastikligini oshiradi.
Kamharakatlik – zamonaviy xavf omillaridan biri
Hozirgi kunda kompyuter va telefonlardan ko‘p foydalanish, o‘tirib ishlash tarzi odamlarning harakatini kamaytirib qo‘ymoqda. Kamharakatlik:
• gipertoniya
• semizlik
• qandli diabet
• ateroskleroz
kabi kasalliklarning rivojlanishiga zamin yaratadi.
Shu sababli shifokorlar “kam harakat – yurakning dushmani” deb ta’kidlaydilar.
Kundalik hayotda jismoniy faollikni oshirish bo‘yicha maslahatlar
Quyidagi oddiy odatlar ham yurak salomatligiga katta foyda keltiradi:
• lift o‘rniga zinadan ko‘tarilish
• ishga yoki do‘konga piyoda borish
• har 1 soatda 5–10 daqiqa yurib kelish
• ertalabki badantarbiya
Hatto kuniga 30 daqiqa tez yurish ham yurak kasalliklari xavfini kamaytirishda samarali ekanligi ilmiy tadqiqotlar bilan isbotlangan.
Qachon ehtiyot bo‘lish kerak?
Yurak kasalligi, gipertoniya yoki boshqa surunkali xastaliklari bo‘lgan shaxslar jismoniy mashqlarni shifokor maslahati bilan boshlashi lozim. Noto‘g‘ri yoki ortiqcha yuklama yurakka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Umuman olganda, jismoniy faollik — yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda eng samarali va tabiiy “dori” hisoblanadi. Muntazam harakat qilish orqali inson:
• uzoq umr ko‘radi
• mehnat qobiliyatini saqlab qoladi
• hayot sifatini yaxshilaydi
Shuning uchun har bir inson kundalik hayotida harakatga vaqt ajratishi, sog‘lom turmush tarzini hayot qoidasiga aylantirishi lozim.
Barno Mamieva,
Orolbo‘yi mintaqasi ixtisoslashtirilgan kardiologiya va kardiojarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari.



Top