Yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun qoʻshimcha soliq imtiyozlari berilmoqda

Gurlan tumanidagi 50 ta mahallaga 20 nafar soliq inspektori biriktirilgan. Ularning tadbirkorlik subyektlari bilan olib borgan tushuntirish ishlari natijasida joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida 955 ta korxonadagi 1728 nafar norasmiy ishlovchi fuqaro faoliyati qonuniylashtirilib, ularning ijtimoiy himoyasi taʼminlandi. Ularga berilgan ish haqi hisobiga byudjetga qoʻshimcha 304,5 million soʻm daromad soligʻi hisoblandi.
Turli sabablar bilan faoliyati vaqtincha toʻxtab qolgan tadbirkorlar faoliyatini tiklash borasida samarali ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, 5 ta korxona faoliyati tiklandi. Shu bilan birga vaqtincha moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan 221 ta tadbirkorlik subyekti faoliyatini qaytadan tiklashga yordam berildi. Shuningdek, mahallalarda oʻtkazilgan xatlov natijasida noqonuniy faoliyat koʻrsatayotgan 317 nafar tadbirkor faoliyati qonuniylashtirilib, davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bugungi kunda qoʻlida hunari bor yoki uyda yakka tartibda maʼlum faoliyat turi bilan shugʻullanib kelayotgan fuqarolar koʻp. Ularning oʻzini oʻzi band qilishi, ish stajiga ega boʻlishi uchun soliq xizmati organlari amaliy yordam koʻrsatib kelyapti.
Mahalla aholisiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustda “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 247-sonli Qarori boʻyicha targʻibot tadbirlari olib borildi. Tadbir davomida Soliq mobil ilovasida oʻzini oʻzini band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtishi va faoliyatni toʻxtatishi ham mumkinligi tushuntirildi.
Qolaversa, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
YTT uchun qatʼiy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash tartibi bekor qilinmoqda;
soliq davrida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadlarining 100 mln soʻmgacha boʻlgan qismiga ham aylanmadan olinadigan soliq joriy qilinmoqda;
Maʻlumot uchun: amalda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan 100 mln soʻm daromad qismi soliqdan ozod qilingan.
Yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1% miqdorida belgilanmoqda (Amalda 4 foiz stavka belgilangan).
Qarorga asosan, YTT hamda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun maxsus huquqiy rejim joriy qilinib, ushbu rejim doirasida:
▫️2025-yil 1-noyabrdan raqamli platformalar orqali masofaviy biometriya vositasi yordamida identifikatsiya qilish va mobil telefon raqamiga SMS-xabar yuborish yoʻli bilan YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish imkoniyati yaratiladi;
▫️YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun raqamli platformalarda elektron hamyon ochish imkoniyati yaratiladi. Mazkur elektron hamyon tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan va daromadlarni qabul qilish, xodimlar, kontragentlar va davlat organlari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash uchun moʻljallangan bankda ochilgan hisobvaraqqa tenglashtiriladi.
Shuningdek, qarorga asosan kunlik xodim yollovchilar uchun kunlik toʻlov “shu kunning oʻzida” mexanizmi joriy etilmoqda. Bunda:
xodim bilan elektron mehnat shartnomasi tuzilgan boʻlishi;
xodim raqamli platformalarda elektron hamyonga ega boʻlishi;
soliqlar va yigʻimlarni hisoblab chiqarish va toʻlashni oʻz ichiga olgan soliq intizomiga qatʼiy rioya qilinishi lozimligi batafsil tushuntirildi.
Jumladan, “mahalla yettiligi” bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni jilovlash maqsadida tumanda 12037 nafar fuqaro oʻzini oʻzi band qilish tizimi orqali roʻyxatdan oʻtkazilib, muayyan faoliyat turlari bilan shugʻullanishi taʼminlandi.
Tadbirkorlikka dastlabki qadamni qoʻygan bunday fuqarolar daromad topishga oʻrganib, keyinchalik yirik tadbirkorga aylanyapti. Qoʻni-qoʻshnilari ham ularga havas qilib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻymoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida “mahallabay” ishlash tizimi natijasida tumanda 3 440,7 million soʻmga yaqin qoʻshimcha manbalar aniqlandi. Jismoniy shaxslarning turar joy obyektlari boʻyicha hisoblangan soliqlardan 14 milliard 492 million soʻm miqdoridagi soliqlar undirilishi taʼminlandi. Natijada yigʻilgan summaning 10 foizi, yaʼni 1 miilard 449 million soʻm mablagʻ mahallalar byudjetida qoldi. Bunday natijalarga erishishda mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlarining hissasi katta.
Tumandagi “Maʼrifat” mahallasi soliq inspektori Ravshanbek Rahmonov ulardan biri. – Hozirda menga biriktirilgan mahallalarda 61 ta yuridik shaxs, 1 ta fermer xoʻjaligi, 10 NNT, 589 nafar yakka tartibdagi tadbirkor, 67 ta dehqon xoʻjaligi, 1031 ta mol-mulk, 616 ta yer soligʻi hamda 30 ta deklaratsiya asosida soliq toʻlovchi bor, – deydi Ravshanbek Rahmonov. – Ularga doimiy koʻmak koʻrsatib kelyapmiz. Natijada oʻtgan davrda 200 million soʻm qoʻshimcha manba aniqlandi. Eng asosiysi, mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasining manbalari sifatida mol mulk va yer soligʻining 10 foizi hamda boʻsh turgan koʻchmas mulkni sotish va binolar ijarasi hisobidan 15,6 million soʻm miqdorida soliq tushumi undirildi. Faoliyatimiz davomida aholiga tomorqa va dehqon xoʻjaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanish, sohaga zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlar yetishtirishni targʻib etib kelyapmiz. Oʻrganishlar davo mida tomorqa va ijara yerlariga ekin ekmagan yoki qarovsiz qoldirgan fuqarolar aniqlansa, ularga imtiyozli kreditlar ajratilmaslik, “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan fuqarolar uchun yordamlar toʻxtatilishi, yer soligʻi stavkasi 3 karra miqdorida hisoblanish choralari qoʻllanilyapti. Bugungi kunda mahallaga biriktirilgan soliq inspektorlari yashirin iqtisodiyotni jilovlashda amaliy natijalarga erishyapti. Agar tadbirkorlarni qonuniy, halol ishlashga oʻrgatsak, byudjetga soliq tushumlari yanada oʻsishi taʼminlanadi.

Romon Atajonov,
Xorazm viloyati soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar sho‘basi boshlig‘i


Top